Joriy yilning 22 sentabr kuni “UNICON.UZ” - Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasida “Radiochastota spektridan foydalanish va uni tartibga solish sohasida meʼyoriy-huquqiy hujjatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Elektromagnit moslashuvi tahlili xizmati boshlig‘i R.Xamidov 1998-yil 25-dekabrdagi “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi 725-I-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 22-oktyabrdagi “Radiochastota spektrini boshqarishni tashkil qilish va foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2053-son Qarori shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi “Radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 801-son Qarorlarining mazmuni va mohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi.
Аsosiy urg‘u, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
22-dekabrdagi “Radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 801-son Qarorga qaratildi.
Qarorga ko‘ra, barcha turdagi radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni ishlab chiqish, modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va xorijdan olib kirish uchun radiochastota polosalarini (nominallarini) ajratish, radioelektron vositalarni sotib olish va (yoki) o‘rnatish, xorijdan olib kirish, ekspluatatsiya qilishga ruxsat etish va ulardan foydalanish, yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish, bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib kirish, sotib olish, sotish, o’rnatish tartiblari belgilandi.
Radiochastota polosalarini taqsimlash radiochastotalar bo‘yicha Respublika Kengashi tomonidan milliy va xalqaro qonunchilik talablari asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston hududida radioelektron vositalarni sotib olish (berish), sotish, o‘rnatish, xorijdan olib kirish va foydalanish tartibiga rioya etishni Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi nazorat qiladi.
Radioelektron vositalarni ekspluatatsiya qilish uchun berilgan radiochastotalardan foydalanish huquqi boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin emas.
Fuqarolik foydalanuvidagi radioelektron vositalarini bojxona chegarasi orqali o‘tkazish Elektromagnit moslashuv markazi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sotib olish, o‘rnatish yoki qurish uchun avvaldan berilgan ruxsatnomalar orqali rasmiylashtiriladi.
Yig‘ilish so‘ngida maʼruzachi, Respublikamizda amal qilayotgan radiochastota spektri to‘g‘risidagi barcha qonun va qonun osti hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi hududida radiochastota spektridan foydalanishni tartibga solish, elektromagnit moslashuvni taʼminlash, radiochastota spektridan foydalanishning samaradorligini, ratsionalligini va xafsizligini oshirish, xalqaro tashkilotlar faoliyatida respublika radioaloqa xizmatlari manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Davra suxbati interfaol koʼrinishda savol va javoblar tariqasida davom etdi.