Til – millatning ma’naviy boyligidir

Har bir xalqning o‘zligini namoyon etuvchi milliy va umuminsoniy qadriyatlari bo‘ladi. Tiriklik uchun toza havo bilan quyosh nuri, nonu suv qanchalik hayotiy zarurat bo‘lsa, millatning yashashi va ravnaq topishini ham ona tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bosh qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Zero, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

Aytish mumkinki, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, tili, madaniyati va qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida birlashtiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so‘z bil”. Ya’ni, inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti so‘zdir. O‘zbek tilining so‘zlari shu qadar ma’noli, boyki, bitta ma’noga ega bo‘lgan tushunchani, bir necha so‘zlar orqali ifodalash mumkin. Masalan, birgina ko‘z so‘zining bir necha ma’nolari bor. Bilamizki bir tushunchaga tegishli so‘z bir necha so‘zlar bilan ifodalansa, ya’ni sinonim so‘zlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, ayni shu til boy til hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida insoniyat oldida turgan eng muhim masalalar xususida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi. Zotan, ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir.

Ma’lumki, O‘zbek tilini va o‘zbek tilida ish yuritishni yanada rivojlantirish, uning mavqeini ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari imzolandi. Mazkur Farmonlardan kelib chiqib 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Mazkur farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida “UNICON.UZ” markazida 21 oktyabr Til bayrami munosabati bilan ijodiy uchrashuv tashkil etilib, ushbu tadbirda yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Yashnobod tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili bo‘yicha o‘rinbosari, shoira Ozoda Bekmurodova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Lola Eltoyevalar taklif etildi. Tadbir mehmonlari har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozimligini ta’kidlab o‘tishdi.

Bunday vatanparvar harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o‘zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Zero, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”.


Дата: 2021-10-15 11:40:06