Qadimiy Buxoroga sayohat

“UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan dam olish kunlari 35 nafar ishchi-xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun qadimiy Buxoro shahri va Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.

Sayyohlik marshrutining umumiy uzunligi 1200 kilometrni tashkil etdi.

Sayohatning birinchi kuni, rejaga ko‘ra, muqaddas qadamjolar ziyoratiga bag‘ishlandi. Hozirgi Buxoro viloyati hududida yashab, islom dinini tadqiq etishga hissa qo‘shgan Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband kabi islom ilmi namoyandalarining meʼmoriy majmualari ziyorat qilindi.

– Azal-azaldan Buxoroning ohangrabosi, ko‘rku tarovati insonni doimo o‘ziga chorlab turadi.

Buxoro – turli savdo yo‘llari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan muqaddas zamin. Ushbu bahor kunlarida biz yetti ziyoratgoh bo‘ylab ham ziyorat, ham sayohat qildik. Bugungi kunda ushbu majmualarni yana-da obod qilishga qaratilgan ishlar avjida. Maqbaralar qayta taʼmirlanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilayotgani, viloyatning iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar, noyob gullar o‘stirilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Sayohatning ikkinchi kuni dasturidan Labi Hovuz, Minorai Kalon ansambli, Buxoroning karvonsaroylari, Ulug‘bek madrasasi va boshqa tarixiy obidalarga tashrif buyurish o‘rin oldi. Nafaqat shahar ahli, balki sayyohlarning ham sevimli maskanlariga aylanib ulgurgan bu manzillar qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.


Дата: 2022-03-29 04:48:27