Kriptologiya: yutuqlar va vazifalar

“UNICON.UZ” DUKda O‘zbekistonda kriptologiya sohasida yutuqlar va vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Direktor birinchi o‘rinbosari X. Hasanov raislik qilgan davra suhbatida korxona xodimlari ishtirok etdilar. 

Mamlakatda kriptologiya sohasida bajarilayotgan ishlar haqidagi ma'ruza bilan Axborot xavfsizligi va kriptologiya ilmiy tadqiqot bo‘limi 1-toifali muhandisi S. Nabieva so‘zga chiqdi. Ma'ruzada axborot xavfsizligi davlatning doimiy diqqat-e'tiboridaligi, mazkur yo‘nalishning ko‘p qirrali faoliyat sohasi ekanligi, faqatgina tizimli va kompleks yondashuv muvaffaqiyat keltirishi mumkinligi ta'kidlandi.

“UNICON.UZ” DUK tadqiqotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri axborot xavfsizligi va kriptologiya hisoblanadi, ushbu yo‘nalishida 2000-2020 yillar davomida 40 dan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan va 60 dan ortiq davlat standartlari ishlab chiqilgan.  

“UNICON.UZ” DUK xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan Milliy algoritmlarga asoslangan davlat standartlari asosida quyidagi himoyalangan tizimlar yaratildi:

  • “E-Hujjat” - himoyalangan elektron hujjat aylanishi tizimi;
  • “E-Xat” himoyalangan elektron pochta tizimi;
  • “Himfayl” fayllarni muhofazalangan saqlash tizimi;
  • “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi, milliy kriptoprovayder va boshqalar.

Shuningdek, “UNICON.UZ” DUK xodimlari tomonidan axborot xavfsizligi va kriptologiyaga oid quyidagi adabiyotlar ishlab chiqilgan:

- “Internet, Intranet va Axborot himoyasi” nomli elektron darsligi;

- “Takomillashgan diamatrisalar algebralari va parametrli algebra asosida kriptotizimlar yaratish usullari va algoritmlari” monografiyasi;

- “Kriptografiyaning matematik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi;

- “Kriptotahlil va uning maxsus usullari” o‘quv qo‘llanmasi;

“Axborot xavfsizligini ta'minlashning kriptografik usullari va ularning qo‘llanishlari”;

“Axborot xavfsizligi va kriptografiya asoslari” elektron qo‘llanmasi.

“UNICON.UZ” DUK xodimlari tomonidan axborot xavfsizligi va kriptologiya sohasida O‘zbekiston Respublikasining 4 ta  patenti  olingan.

2022-2023 yillarda axborot xavfsizligi va kriptologiya ilmiy-tadqiqot bo’limi xodimlari tomonidan quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:

  • «Kriptografik algoritmlar yaratish»;

- «Buyumlar Interneti ilovalarida maxfiylik va maʼlumotlar yaxlitligini taʼminlash algoritmi va dasturini ishlab chiqish»;

- «Smart-shartnoma platformasi uchun kriptografik algoritm ishlab chiqish»;

- «Sunʼiy intellekt usullariga asoslangan autentifikatsiya algoritmini ishlab chiqish».

Davra suhbati interfaol ko’rinishda savol va javoblar tariqasida davom etdi.

 


Дата: 2022-05-25 12:47:14