O‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish fondi “UNICON.UZ” DUK xodimlari uchun 2023-yil 1-yanvardan ish yuritishni va ish hujjatlari hamda boshqa hujjatlarini ishlab chiqish, qabul qilish va chop etishni lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosida bajarish amaliyotini joriy etish masalalari bo‘yicha o‘quv seminarini tashkil qildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiing “Amaliy filologiya” kafedrasi o‘qituvchisi Abror Murtazoev seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari mohiyati to‘g‘risida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi roli va obro‘sini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-sonli Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbek tilining asosiy orfografik qoidalari bo‘yicha izohlar berdi. U davlat tilida ish yuritish o‘zbek tili imlo qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda, xato va boshqa kamchiliklarsiz amalga oshirilishi kerakligini ta'kidladi.

Seminar davomida hozirgi kunda isloh qilinayotgan, lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid ko‘plab savollarga javoblar olindi.


Дата: 2022-07-08 09:19:57