Asimmetrik kriptotizimlar rivoji

"UNICON.UZ" DUKda yosh kadrlar ishtirokida asimmetrik kriptotizimlarni yaratish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida markazning ilmiy xodimlari, mustaqil tadqiqotchilar va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistrantlari qatnashdilar.
Davra suhbatini direktorning axborot xavfsizligi va kriptologiya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.P. Hasanov olib bordi, u asimmetrik kriptotizimlarning muhimligi va zarurligini ta'kidlab, ularning joriy holatini tavsiflab berdi.
Markazning yetakchi mutaxassisi A.Ortiqboev "Asimmetrik kriptotizimlar" mavzusida ma'ruza qildi. U o‘z chiqishida asimmetrik kriptotizimlarning mustahkamligini ta'minlovchi matematik modellar va kriptotahlil to‘g‘risida axborotni taqdim etdi hamda yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Muhokamada, shuningdek, t.f.n. O.P.Ahmedova, f-m.f.n. M.X..Nazarova, PhD O.Y.Zokirov va magistrant M.M.Ja'farov ham qatnashdi.


Дата: 2022-10-07 04:24:10