Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «UNICON.UZ» – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi DUK Atamashunoslik va lug‘atlar xizmati mutaxassislari tomonidan yangi atamalar lug‘ati yaratildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerak, bugungi kunda yurtimizda taqdim etiladigan elektron davlat xizmatlari sonining oshib borishi, yangi dasturiy apparat vositalarining yaratilishi yangidan-yangi atamalar va tushunchalarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois AKTga oid ma’lumotnoma xarakteridagi nashrlar va izohli lug‘atlarga ehtiyoj yuzaga kelgan edi.
Atamalar lug‘ati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida AKT sohasi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari hamda barcha qiziquvchilar foydalanilishi mumkin bo‘lgan terminologik bazani shakllantirish maqsadida tuzildi.
Ushbu lug‘atni yaratishning muhim vazifalaridan biri AKT sohasiga o‘zbek tilini joriy qilishni yanada kengaytirish hamda atamalarning nafaqat o‘zbek tilidagi ekvivalentini, balki ularning ma’nodoshini ham to‘g‘ri va aniq tanlash imkoniyatini yaratishdan iborat.
Lug‘at alifbo tartibida joylashtirilgan 10 000 taga yaqin atamani o‘z ichiga oladi. Lug‘atda o‘zbek tili lotin alifbosidagi atamalar va ta’riflar hamda shu atamalarning ingliz va rus tilidagi muqobillari keltirilgan. Mazkur lug‘atdan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar, ilmiy xodimlar, tegishli ixtisoslikdagi talabalar va aspirantlar, shuningdek AKTga qiziquvchilarning keng ommasi foydalanishlari mumkin.
Aloqa telefoni raqami
100187, O'zbekiston, Toshkent, Qorasuv-3, Mingbuloq, 38
© 2017 - 2023 UNICON.UZ Barcha huquqlar himoyalangan