Farida Afro‘z bilan ijodiy uchrashuv

27 aprel kuni “UNICON.UZ” DUKda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kunga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati ko‘rinishida tashkillashtirilgan uchrashuv mehmoni sifatida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, 20 dan ortiq she’riy to‘plamlar muallifi, “Shuhrat” medali, "Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi" koʻkrak nishoni, “Doʻstlik” ordeni sovrindori shoira Farida Afruz taklif etildi.

Tadbir davomida ijodkor Konstitusiyamizga kiritilgan o‘zgarishlar, mamlakatimizdagi millatlar aro hamdo‘stlik munosabatlari, ta’lim sohasidagi islohatlar, onalar va bolalar huquqlariga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdilar. Bosh qomusimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning davlat va xalq birligi, insonparvarlik va adolat ustuvorligi haqidagi yuksak g‘oyalariga tayanganligi haqida ta’kidlab o‘tdilar.

Shoira markaz xodimlariga mamlakatimizda kitobxonlikni keng targ‘ib etishda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar, bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida gapirdi. Fariza Afro‘z o‘z ijodidan namunalar o‘qigani – tadbirning kulmanatsion nuqtasi bo‘ldi. Tinglovchilar o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini o‘zida namoyon etgan ona haqida sermazmun she'rni tinglab, yuraklarini bo‘shatib olishdi. She’r — ruhiyat ozuqasi, she’r — yurakka sig‘magan alam ekanligi buning yaqqol isboti bo‘ldi.

Uchrashuv mushoiraga, qizg‘in savol-javoblarga ulanib ketdi.

Uchrashuvdan so‘ng Farida Afro‘z kitoblariga dastxat qo‘yib, markaz xodimlariga tuhfa qildi.


Дата: 2023-04-28 10:01:12